«PSJ» sardori Markinyos Fransiya chempionatining 2-turida «Lill» bilan 2:2 hisobida yakunlangan uchrashuvdan keyin jamoasining mavsum boshidagi holati haqida fikr bildirdi.
«Bu mavsum startidagi eng ijobiy jihatlardan biri — jamoamizning ruhiy holati. Zaxiradan maydonga tushayotgan futbolchilarning energiyasi ham juda muhim, chunki biz har bir o‘yinchiga katta umid bog‘laymiz.
Menimcha, dastlabki ikki uchrashuvda bu jihat bizga qanchalik yordam berayotganini ko‘rdik. Aynan shu orqali muhim ochkolarni qo‘lga kirityapmiz.
Hozircha optimal formamizdan ancha uzoqdamiz. Mavsum boshida chempionlik uchun kurashadigan jamoalarga qarshi o‘ynayapmiz. Ular juda yuqori saviyali va Chempionlar ligasida ishtirok etadigan klublar.
Bu oson emas. Agar 100 foiz tayyor bo‘lmasak, bu natijalarda o‘z aksini topadi. Mavsum boshida kichik xatolarga yo‘l qo‘yapmiz, bu tabiiy. Ammo ular ustida ishlab, yanada kuchayishimiz kerak.
«PSJ»ga vaqt kerak. Bizda to‘liq mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyati ham bo‘lmadi, chunki mavsumning dastlabki kunlaridanoq juda muhim uchrashuvlarda maydonga tushishimizga to‘g‘ri keldi.
Bu ochkolar juda muhim. Mavsum oxirida raqiblarimizga qarshi uchrashuvlarda to‘plangan ochkolarni hisoblaganimizda, ular katta ahamiyat kasb etadi. Endi yanada yaxshiroq bo‘lish va eng yaxshi formamizga qaytish uchun shu ruhda ishlashda davom etamiz», — dedi Markinyos.
«PSJ» ikki ochko bilan Liga 1 turnir jadvalida 6-o‘rinni egallab turibdi. «Lill» esa 4 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda.













