Bredli Barkolya rasman «Liverpul» futbolchisiga aylandi. 23 yoshli fransuz vingeri tibbiy ko‘rikdan o‘tib, transferning barcha rasmiy jarayonlarini yakunlagach, AXA mashg‘ulot bazasida mersisaydliklar bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi.
Barkolya «Liverpul» safida 29-raqamli futbolkada to‘p tepadi.
Transfer rasmiylashganidan so‘ng futbolchi Liverpoolfc.com saytiga bergan intervyusida yangi jamoasiga qo‘shilganidan mamnun ekanini bildirdi.
«Liverpul» safida o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lish — men uchun katta faxr. Juda baxtliman.
Bu jarayon ancha uzoq davom etdi, ammo bugun «Liverpul» futbolchisi bo‘lganimdan juda xursandman. Hozir men istaydigan yagona narsa — maydonga tushish va o‘ynash.
Bu yerda juda katta yutuqlarga erishishni xohlayman. Avvalo, Premyer-ligada chempion bo‘lishni istayman. Bu hayotimdagi eng katta orzularimdan biri.
Shu maqsadga erishib, bu jamoada uzoq muddat qolishni xohlayman. Shuning uchun ham uzoq muddatli shartnoma imzoladim va umid qilamanki, barcha maqsadlarimga erisha olaman», — dedi Barkolya.













