Fransiya terma jamoasi va "Arsenal"ning sobiq hujumchisi Tyerri Anri professional futbolchilar jahon futbolidagi muhim qarorlarga ta’sir o‘tkazish borasida o‘z imkoniyatlarini yetarlicha baholamaydi, deb hisoblaydi.
UEFA va FIFA o‘rtasida tijoriy huquqlarni boshqarish masalasidagi keskinliklar fonida Anri futbol tashkilotlari, aslida, mahsulotni harakatga keltiradigan asosiy kuch — futbolchilarga bog‘liq ekanini ta’kidladi.
U Shimoliy Amerika sport ligalarini misol qilib, o‘yinchilar biror masalada qat’iy pozisiya bildirsa, liga rahbariyati ularning fikriga quloq tutishini aytdi.
"Menimcha, futbolchilar o‘zlari o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq kuchga ega. Agar ular nimanidir o‘zgartirishni istasa, ayniqsa hozirgi davrda, buni amalga oshira oladi.
Agar futbolchilar xohlasa, kuch ularning qo‘lida. Lekin menimcha, ba’zida ular bu kuchdan foydalanmaydi yoki uning qanchalik katta ekanini anglamaydi. AQSHda buni yaxshi bilasiz: o‘yinchi nimanidir talab qilsa, liga uni eshitadi. Buni NBAda ham, NFLda ham ko‘rdik.
Ammo ma’lum bir nuqtada futbolchilarga doim bir xil munosabat bo‘ladi: bor, tomosha ko‘rsat, pulingni ol va ket", — dedi Anri.
Futbol taqvimi, tashkilotlar qarorlari va boshqaruv tizimi atrofidagi bahslarga to‘xtalar ekan, Anri zamonaviy futbolda jiddiy o‘zgarishlarga erishishning eng samarali yo‘li futbolchilarning birgalikda harakat qilishi ekanini ta’kidladi.













