O‘zbekiston Proligasida 18-tur uchrashuvlari yakunlandi. 7 sentyabr kuni turning so‘nggi to‘rtta bahsi o‘tkazildi.
Peshqadam "Aral" safarda FarDU bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Nukusliklar 12-daqiqada Ruslan Qalmag‘ambetovning penaltidan kiritgan goli evaziga hisobni ochdi. Biroq mezbonlar 90-daqiqada Otajon Niyozmetovning goli bilan mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
"Metallurg" esa o‘z maydonida "Paxtakor FJ"ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv taqdirini hal qilgan yagona gol 7-daqiqada Aziz Abdumo‘minov tomonidan kiritildi.
Kunning yana bir uchrashuvida Respublika FA "Kattaqo‘rg‘on" mehmoni bo‘lib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ibrohim Akbarov dubl qayd etgan bo‘lsa, Asilbek Aliyev yana bir golga mualliflik qildi. "Kattaqo‘rg‘on"ning javob golini 90+2-daqiqada Fransis Narh urdi.
QMU "Jayxun" esa TerDU maydonida minimal — 1:0 hisobida zafar quchdi. Asadbek Jo‘raqulovning 43-daqiqada kiritgan goli mehmonlarga uch ochko keltirdi.
18-turning avvalgi kuni "Lochin" — "G‘azalkent" uchrashuvida 1:1 hisobi qayd etilgan, "Sho‘rtan" "Yaypan"ni 4:1, "Olimpik Mobiuz" esa BuxDUni 2:1 hisobida mag‘lub etgandi.
Tur yakunlariga ko‘ra, "Aral" 43 ochko bilan peshqadamligini saqlab qoldi. "Metallurg" 37 ochko bilan ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi, "Sho‘rtan" 36 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Keyingi o‘rinlarni FarDU (33), "Lochin" (32) va "Olimpik Mobiuz" (31) egallab turibdi.
Shu tariqa, "Aral" va ikkinchi o‘rindagi "Metallurg" o‘rtasidagi farq 6 ochkoni tashkil etmoqda. Bekobodliklar esa "Sho‘rtan"ni bir ochkoga ortda qoldirib, ikkinchi pog‘onani egallab oldi.















