Angliya futbol assosiasiyasi (FA) rahbari va FIFA vise-prezidenti Debbi Xyuitt FIFA prezidenti Janni Infantinoga maktub yo‘llab, jahon chempionatiga tegishli ayrim tijoriy huquqlarni sotish bo‘yicha amalga oshmay qolgan rejaga doir barcha hujjatlarni oshkor qilishni talab qildi.
Xyuitt, shuningdek, AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning JCH-2026dagi diskvalifikasiyasi bekor qilingani yuzasidan FIFA kengashiga yozma tushuntirish taqdim etilishi kerakligini bildirdi.
Infantino barcha tegishli hujjatlarni FIFA kengashining 15 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishiga qadar taqdim etishi lozim.
Maktub nusxasi FIFA bosh kotibi Mattias Grafstryomga ham yuborilgan. Unda tashkilot rahbariyati faoliyati tanqid qilinib, boshqaruv tizimidagi kamchiliklar va jahon futboli bosh tashkilotida korporativ madaniyat bilan bog‘liq inqiroz mavjudligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, Xyuitt FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasi kim tomonidan va qanday ishlab chiqilgani, shuningdek, xususiy investisiyalarni jalb qilish bo‘yicha tender jarayoni qanday o‘tkazilganini mustaqil tekshirishni talab qilmoqda.
FIFA Forward Enterprise loyihasi FIFA musobaqalari, jumladan jahon chempionatining tijoriy huquqlaridagi muayyan ulushni xususiy investorlarga sotishni nazarda tutgan edi.
Biroq futbol tashkilotlari tomonidan bildirilgan keskin tanqidlardan so‘ng ushbu g‘oyadan voz kechilgan.













