Turkiyadagi 21 ta kompaniya reklama kampaniyalarida Muhammad Salohning ismi va tasviridan foydalangani uchun huquqiy e’tirozlarga duch keldi. Da’volarning umumiy summasi 900 ming yevrodan ortiqni tashkil etmoqda.
Oldinroq «Trabzonspor» kompaniyalar va do‘konlarni tegishli ruxsatnomalarsiz Salohning ismidan reklama va tijoriy aksiyalarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirgan edi.
61saat xabariga ko‘ra, ogohlantirishga misrlik futbolchining manfaatlarini himoya qiluvchi Buyuk Britaniya firmasining huquqiy murojaati sabab bo‘lgan. Ba’zi tadbirkorlar allaqachon peshlavhalar va ijtimoiy tarmoqlardan Saloh tilga olingan reklamalarni olib tashlashgan, ammo bu ularni sud surishtiruvlaridan saqlab qola olmadi.













