Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Manchini Belgiyadan uchratilgan mag‘lubiyatdan (0:2) so‘ng jamoa o‘yiniga baho berdi. Uchrashuv Millatlar ligasining birinchi turi doirasida bo‘lib o‘tdi.
«Belgiya birinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynadi, ikkinchi bo‘limda esa biz tashabbusni qo‘lga oldik va hisobni tenglashtirishimiz mumkin edi. Biroq keyin o‘z xatoimiz sabab qarshi hujumda gol o‘tkazib yubordik. Futbol shunaqa», – dedi Manchini RAI Sport efirida.
«Jamoa ikkinchi golgacha juda yaxshi harakat qildi. Bizda hisobni tenglashtirish uchun to‘rt yoki beshta imkoniyat bo‘ldi, raqibni o‘z darvozasiga qamab qo‘ydik, ammo Belgiya – kuchli jamoa».
Muxlislar tanaffusda va final hushtagidan so‘ng italiyaliklarni qattiq xushtakbozlik qilishdi.
«Biz yutqazganimizda hech kim mamnun bo‘lmaydi», – deya ta’kidladi Manchini.
Italiya terma jamoasi tarkibida 3 nafar futbolchi debyut qildi – yarim himoyachi Alessandro Romano, vinger Moxamed Ali Zoma va yarim himoyachi Issa Dumbiya.













