Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni milliy terma jamoa bilan 2026 yil oxirida tugaydigan shartnomani uzaytirish jarayonini boshladi. Bu haqda «albiseleste» matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
«Argentina futbol assosiasiyasi prezidenti Klaudio Tapia va murabbiy Lionel Skaloni o‘rtasida uning Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi kelishuvini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar boshlandi», — deyiladi terma jamoaning ijtimoiy tarmoqlarida.
Shu bilan birga, Argentina ofisidagi muzokaralar chog‘ida Tapia va Skaloni tushgan suratni namoyish etdi.
Avvalroq OAVda 48 yoshli mutaxassis «2+2» sxemasi bo‘yicha yangi shartnoma imzolashi xabar qilingandi: Amerika kubogigacha ikki yil va 2030 yilgi jahon chempionatigacha yana ikki yil.
Skaloni Argentina terma jamoasini 2018 yilning yozidan beri boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida «albiseleste» 2022 yilgi jahon chempionati va ikki marta Amerika kubogini qo‘lga kiritdi.













