Londonning «Arsenal» va Kataloniyaning «Barselona» klublarida to‘p tepgan sobiq darvozabon Neto «Yuventus»ga o‘tdi. Turin klubi matbuot xizmati 37 yoshli darvozabon bilan shartnoma imzolanganini rasmiy sayti orqali ma’lum qildi. Kelishuv 2027 yil 30 iyuniga qadar amal qiladi.
Neto 2015–2017 yillar oralig‘ida «Yuventus» sharafini himoya qilgan. U ikki mavsum davomida jamoa safida 22 ta uchrashuvda maydonga tushgan va ikki marta Italiya chempioni, ikki marta Italiya Kubogi hamda bir marta Italiya Superkubogi sohibi bo‘lgan.
Darvozabonning so‘nggi klubi Braziliyaning «Botafogo» jamoasi edi. Neto yozda klubni erkin agent maqomida tark etgan.
Yozgi transfer oynasi davrida «Yuventus» Germaniyaning «Volfsburg» klubidan darvozabon Kamil Grabarani ijaraga olgan edi. Polsha terma jamoasi a’zosi Turin klubi safida birgina uchrashuvda maydonga tushganidan so‘ng tizzasidagi xochsimon bog‘lamlar uzilishi sababli uzoq muddatga safdan chiqdi.













