Darvozabon Norberto Neto "Yuventus"ga o‘tishi haqida fikr bildirdi. Avvalroq xabar qilinganidek, 37 yoshli futbolchi joriy mavsum oxiriga qadar erkin agent sifatida "keksa sinyora" safiga qo‘shildi.
"Bu futbolkani yana kiyish — o‘ziga xos his. Qaytganimdan xursandman va jamoa bilan birga ushbu yangi sahifani boshdan kechirishga tayyorman", — deya Netoning so‘zlarini "Yuventus"ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari keltirdi.
Neto avval ham 2015 yildan 2017 yilgacha "Yuventus" sharafini himoya qilgan. Ikki mavsum davomida u 22 ta o‘yin o‘tkazib, A Seriyada 2 marta chempion bo‘lgan, 2 ta Italiya kubogi va 1 ta Italiya Superkubogini qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, u faoliyati davomida "Valensiya", "Barselona", "Bornmut", "Arsenal" va "Botafogo" klublarida ham o‘ynagan.
Neto jarohat olgan Kamil Grabara o‘rnini bosish maqsadida tarkibga qo‘shib olindi.













