Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Manchini Millatlar ligasi guruh bosqichi 2-turida Turkiya ustidan safarda qozonilgan 4:1 hisobidagi g‘alabaga munosabat bildirdi.
«Kayode juda yaxshi o‘ynadi, ayniqsa dastlabki 60 daqiqada. Hozir tarkibimizda yosh futbolchilar ko‘p va bu uchrashuvdagi g‘alaba ular uchun juda foydali bo‘ldi. Albatta, biz ularga bir g‘alaba yoki bir mag‘lubiyat asosida baho bermaymiz.
Jismoniy jihatdan juda yaxshi ko‘rindik. Biz doimo Italiya terma jamoasi libosiga munosib futbol o‘ynashga harakat qilamiz. Menimcha, Belgiyaga qarshi uchrashuvdan keyin munosib javob qaytardik.
Men Turkiyada ajoyib davrlarni o‘tkazganman va bu yerda meni juda iliq kutib olishdi. Turk futboli rivojlanishda davom etmoqda. Ammo bugun biz yaxshi o‘ynadik. Menimcha, bugungi natijaning asosiy sababi — yaxshi o‘yinimiz», — deya Manchinining so‘zlarini UEFA rasmiy sayti keltiradi.
Italiya terma jamoasi ikki o‘yindan keyin 3 ochko jamg‘arib, Millatlar ligasi «A» divizioni 1-guruhida uchinchi o‘rinni egallab turibdi. 2 oktyabr kuni jamoa safarda Fransiyaga qarshi maydonga tushadi.













