«Manchester Siti» moliyaviy qoidalarni ko‘p marotaba buzganlikda aybdor deb topilganidan keyin jiddiy jazoga duch kelishi mumkin. Hatto klubni Premyer-ligadan chetlatish ehtimoli ham tilga olinmoqda. Tabiiyki, bunday vaziyatda jamoaning ayrim yulduzlari klubni tark etish istagini bildirishi mumkin.
Matbuot Erling Xolandni Ispaniya La Ligasining grandlari bilan bog‘lashda davom etmoqda. The Sun nashri xabariga ko‘ra, «Real» va «Barselona» norvegiyalik hujumchiga qiziqish bildirmoqda.
Ispaniyaning ikki top-klubi Xoland va «Manchester Siti»ning yana bir qator futbolchilarini kuzatib bormoqda. Madridliklar va kataloniyaliklar Xolandni yoki «shaharliklar» safidagi boshqa futbolchilardan birini o‘z tarkibiga jalb qilishga urinib ko‘rishi mumkin.
Erling Xolandning «Manchester Siti» bilan shartnomasi 2034 yilning o‘rtalariga qadar amal qiladi.
Avvalroq matbuotda «Barselona» 26 yoshli Xolandning atrofidagi vakillar bilan bir soatlik muzokara o‘tkazgani haqida xabarlar tarqalgan edi.













