Angliya terma jamoasi va «Manchester Yunayted»ning sobiq himoyachisi Rio Ferdinand Roy Kinning tanqididan keyin Koul Palmerni himoya qildi. Angliya — Ispaniya o‘yini oldidan Kin hujumchi o‘yinida «juda ko‘p yomon odatlar bor»ligini aytgan edi.
«Menimcha, Angliya terma jamoasida Koul Palmerga joy topilmaydigan tarkibning o‘zi yo‘q. U jamoaga alohida nimadir beradi. U yaxshi tashkil etilgan himoyani yorib o‘ta oladi va boshqa futbolchilar ko‘ra olmaydigan paslarni ko‘radi», — dedi Ferdinand o‘zining YouTube-kanalida.
«Palmer juda iqtidorli futbolchi va u tarkibda yoki unga juda yaqin bo‘lishi kerak. U eng katta sahnada ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi, unda kerakli dadillik bor.
Albatta, futbolchining sog‘lom bo‘lishi muhim, jamoada yaxshi muhit bo‘lishi ham ahamiyatli. Ammo bunday futbolchilarni kutasan. Men uni albatta asosiy tarkibda tushishi kerak demayapman, lekin jamoani u yo‘q holda tasavvur qilish men uchun qiyin.
Men uni ajoyib futbolchi deb hisoblayman. Balki Roy uning «Brentford»ga qarshi unchalik yaxshi bo‘lmagan o‘yinini ko‘rgandir. Ammo Palmerning to‘p bilan qila oladigan ishlari juda kam futbolchida uchraydi».
Palmer sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar sabab terma jamoaning so‘nggi o‘yinlarini o‘tkazib yubordi. Avvalroq u JCH-2026 uchun Angliya terma jamoasi tarkibiga ham kiritilmagan edi.













