«Barselona»ning sobiq yarim himoyachisi Andres Inyesta Xose Mariya Enrikes Negreyra bilan bog‘liq ish haqida fikr bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda «Barselona» va klub rahbariyati Ispaniya Qirollik futbol federasiyasida ishlagan Hakamlar texnik qo‘mitasining sobiq vise-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga amalga oshirilgan to‘lovlar bo‘yicha pora berishda ayblangan edi.
«Negreyra ishi haqidagi gaplarni eshitganingizda nimani his qilasiz?» — deya Inyestadan so‘rashdi.
«Faqat futbol nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bu yerda muhokama qiladigan narsaning o‘zi yo‘q. Ish hali yakuniga yetmagan, ammo hatto o‘sha davrdagi har bir o‘yinni alohida tahlil qilsak ham, hakamlarning bizga yon bosganini ko‘rsatuvchi holatlarning bir foizini ham topmagan bo‘lardik.
Men hech qachon hech qanday yordam haqida eshitmaganman, uni ko‘rmaganman va his ham qilmaganman. Har bir o‘yinda ham muxlislar, ham futbolchilar raqibga ko‘proq yon bosilyapti, deb o‘ylaydi», — dedi Inyesta.













